Prezident Shavkat Mirziyoyev Prezident Administratsiyasining huquqiy maqomi, vazifalari va vakolatlarini belgilovchi konstitutsiyaviy qonunni imzoladi. Hujjat bilan Administratsiya rahbarining farmoyishlari barcha davlat organlari, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiy etib belgilandi.
Qonunga ko‘ra, Prezident Administratsiyasi davlat rahbarining vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlaydigan davlat organi hisoblanadi. U bevosita Prezidentga bo‘ysunadi va unga hisobdor bo‘ladi.
Administratsiya Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosi doirasida davlat idoralari, tashkilotlar hamda davlat ishtirokidagi korxonalar faoliyatini muvofiqlashtiradi, monitoring va nazorat qiladi.
Shuningdek, Administratsiya davlat organlarining axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va arxivlaridan foydalanishi, idoralar rahbarlariga majburiy ko‘rsatma va topshiriqlar berishi mumkin.
Vazifalarini bajarmagan mansabdor shaxslarni intizomiy javobgarlikka tortish, shu jumladan lavozimidan ozod etish masalasini ko‘tarish ham Administratsiya vakolatiga kiritildi.
Administratsiya rahbarining farmoyishlari normativ-huquqiy hujjatlarning alohida turi sifatida belgilandi. Ular, agar hujjatning o‘zida boshqa muddat ko‘rsatilmagan bo‘lsa, imzolangan kundan kuchga kiradi.
Konstitutsiyaviy qonun Qonunchilik palatasi tomonidan 6-avgustda qabul qilingan, Senat tomonidan 7-avgustda ma’qullangan. Hujjat rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kiradi.








