Prezidentning 2026-yil 16-noyabrdagi PQ–397-son qarori bilan mahkumlarni ozodlikka tayyorlash va jamiyatga qayta moslashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Qarorga ko‘ra, “Yangi hayot” dasturi doirasida 2027/2028-o‘quv yilidan mahkumlarga oliy ta’lim muassasalariga kirish hamda to‘lov-kontrakt asosida masofaviy ta’lim olish imkoniyati yaratiladi.

O‘qishga qabul qilingan mahkumlarning ta’lim olishi uchun jazoni ijro etish koloniyalarida videokonferensaloqa vositalari bilan jihozlangan maxsus xonalar ajratiladi.

Bundan tashqari, mahkumlarni kasb-hunarga o‘qitish tizimi ham kengaytiriladi. Xususan, 2027/2028-o‘quv yiliga qadar jazoni ijro etish muassasalarida 310 ta o‘quv xonasi va 420 ta amaliy mashg‘ulotlar xonasi tashkil etilishi belgilangan.

2030-yilgacha mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kamida 50 ta kasb bo‘yicha o‘quv dasturlari joriy qilinadi. Mazkur dasturlar orqali har yili 15–20 ming nafar mahkumni kasbga tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.

Islohotlardan ko‘zlangan maqsadlardan biri mahkumlarning ozodlikka chiqqanidan keyin ish topish imkoniyatlarini oshirishdir. Shu orqali kasbga o‘qitish hisobiga takroriy jinoyatchilik darajasini 30 foizga qisqartirish maqsad qilingan.

Yosh mahkumlar uchun qo‘shimcha imkoniyatlar

Qaror bilan jazoni ijro etish muassasalarida yoshlar bilan ishlashning yangi mexanizmlari ham belgilanmoqda.

Jumladan, yosh mahkumlar orasidan saylov yo‘li bilan yoshlar faollari tanlanadi. Ularga har chorakda bazaviy hisoblash miqdorining uch baravari miqdorida rag‘batlantirish puli beriladi.

Shuningdek, barcha koloniyalarda mahkumlar o‘rtasida masofaviy shaklda “Yosh kitobxon” tanlovi tashkil etiladi. Muassasalar kutubxonalarida esa “Mutolaa” elektron platformasidan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Ta’kidlash joizki, mahkumlarga masofaviy ta’lim olish imkoniyatini yaratish masalasi avval ham ko‘tarilgan. Xususan, 2018-yil 7-noyabrdagi PQ–4006-son qarorda mahkumlarni oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida masofaviy o‘qitish orqali ularning ta’lim olishiga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilish nazarda tutilgan edi.

Yangi qaror esa mazkur yo‘nalishda aniq muddatlar, infratuzilma va kasbiy tayyorgarlik ko‘rsatkichlarini belgilaydi.