O‘zbekiston Markaziy bankining Bank nazorati qo‘mitasi tijorat banklariga sud qarori chiqarilgan kreditlar bo‘yicha foiz va jarimalarni hisoblash qonunchilikka muvofiqligini qayta tekshirishni topshirdi. Bu haqda regulyator 13-noyabr kuni ma’lum qildi.

Qo‘mita qaroriga ko‘ra, banklarning kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari sud tomonidan undirilishi belgilangan kredit qarzdorligiga qo‘shimcha foiz, jarima va penya hisoblanmasligini ta’minlashi shart.

Agar bunday to‘lovlar qonunga zid ravishda hisoblangan bo‘lsa, ular bekor qilinishi, mijozlardan undirilgan mablag‘lar esa qisqa muddatda qaytarilishi kerak.

Sud qaroridan keyin kreditga foiz hisoblash mumkinmi?

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 744-moddasi uchinchi qismiga muvofiq, kredit qarzdorligini undirish to‘g‘risida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda, ushbu qarorda ko‘rsatilgan undiriladigan summaga nisbatan foiz va neustoyka hisoblash to‘xtatiladi.

Bu Fuqarolik kodeksining 327-moddasi birinchi va ikkinchi qismlarida hamda 734-moddasi birinchi qismida nazarda tutilgan foizlarga, shuningdek, jarima va penyaga taalluqli.

Masalan, sud bank foydasiga qarz oluvchidan 30 mln so‘m kredit qarzdorligini undirish to‘g‘risida qaror chiqargan bo‘lsa, bank ushbu summani keyinchalik yangi foiz va jarimalar hisobiga oshirib borishi mumkin emas.

Biroq bu qarz oluvchi 30 mln so‘mni qaytarish majburiyatidan ozod etilganini anglatmaydi. Sud qarorida belgilangan qarzdorlik qonunchilikda ko‘rsatilgan tartibda undirilishi mumkin.

Mazkur qoida 2024-yil 27-fevraldagi O‘RQ-914-sonli qonun bilan Fuqarolik kodeksiga kiritilgan bo‘lib, 2024-yil 1-yanvardan yuzaga kelgan munosabatlarga ham tatbiq etiladi.

Oliy sud Plenumining 2024-yil 16-dekabrdagi 39-sonli qarorida esa bu borada qo‘shimcha tushuntirish berilgan.

Unga ko‘ra, agar kredit qarzdorligini undirish haqidagi sud qarori 2024-yil 1-yanvargacha chiqarilgan bo‘lsa, aynan 2024-yil 1-yanvardan boshlab mazkur qaror bilan undiriladigan summaga foiz va neustoyka hisoblash to‘xtatilishi kerak.

Demak, yangi talab nafaqat yaqinda sud qarori chiqarilgan, balki oldingi yillarda sud orqali undirilishi belgilangan ayrim kredit qarzdorliklariga ham taalluqli.

Banklar 10-dekabrgacha tekshiruv o‘tkazadi

Markaziy bank qaroriga asosan, tijorat banklarining ichki audit xizmatlari 2026-yil 10-dekabrgacha sud qarori chiqarilgan kreditlarni tekshirib chiqishi kerak.

Tekshiruvda sud qaroridan keyin foiz va jarimalar hisoblash o‘z vaqtida to‘xtatilgani, qarzdorlardan qonunga zid ravishda qo‘shimcha mablag‘ undirilmagani o‘rganiladi.

Aniqlangan qoidabuzarliklar banklarning kuzatuv kengashlari va boshqaruvlari muhokamasiga kiritiladi.

Bunda noqonuniy hisoblangan foiz va jarimalar zudlik bilan bekor qilinishi, qarz oluvchilardan ortiqcha undirilgan mablag‘lar esa qaytarilishi talab etiladi.

Banklar amalga oshirilgan ishlar, aniqlangan qoidabuzarliklar va mijozlarga qaytarilgan pullar yuzasidan batafsil hisobot tayyorlashi lozim.

Ushbu hisobotlar tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga 2026-yil 25-dekabrgacha Markaziy bankka taqdim etilishi shart.

Hozircha qancha kredit bo‘yicha noqonuniy foiz va jarimalar hisoblangani yoki banklar mijozlarga jami qancha mablag‘ qaytarishi kerakligi ochiqlanmagan.

Qarz oluvchilar pullarini qanday qaytarib olishi mumkin?

Agar fuqaroning kredit qarzdorligini undirish bo‘yicha sud qarori chiqqanidan keyin ham bank qo‘shimcha foiz yoki jarima hisoblagan bo‘lsa, u qarzdorlik hisob-kitobini qayta ko‘rib chiqishni talab qilishi mumkin.

Buning uchun, avvalo, sud qarorining sanasi va undirilishi belgilangan summani bank tomonidan keyinchalik hisoblangan to‘lovlar bilan solishtirish kerak.

Agar qonunga zid hisoblangan mablag‘lar aniqlansa, bankka yozma murojaat qilib, ularni bekor qilish va ilgari undirilgan pullarni qaytarishni so‘rash mumkin.

Murojaatga sud qarori nusxasi, bankdan olingan qarzdorlik hisob-kitobi hamda amalga oshirilgan to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilish maqsadga muvofiq.

Bank masalani hal qilmasa, qarz oluvchi Markaziy bankka quyidagi aloqa kanallari orqali murojaat qilishi mumkin:

  • 71 200-00-44 — Markaziy bankning aloqa markazi;

  • 18 00 — qisqa raqamli aloqa markazi;

  • @tajriba_lab_bot — “Bankda nima gap?” Telegram boti;

  • cbu.uz — Markaziy bankka elektron murojaat yuborish sahifasi.

Shuningdek, Markaziy bankning tushuntirishiga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslarning murojaatlari odatda 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish talab qilinganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi.

Ta’kidlash joizki, mazkur tartibni har qanday qarz shartnomasiga avtomatik tatbiq etib bo‘lmaydi. Fuqarolik kodeksining 744-moddasida aynan kredit shartnomasi bo‘yicha sud qarorida ko‘rsatilgan undiriladigan summa nazarda tutilgan.

Shu sababli qarz oluvchining ortiqcha hisoblangan foiz yoki jarimalarni qaytarib olish huquqi kredit shartnomasi, sud hujjati va bankning hisob-kitoblari asosida baholanadi.