Toshkent viloyati IIBB ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar internetda “foizsiz kredit olib beramiz” mazmunidagi e’lonlarni joylashtirib, qiziqish bildirgan fuqarolarni ijaraga olingan hashamatli ofislarga taklif qilgan.
Sxema bo‘yicha, masalan, fuqaro nomiga 100 mln so‘m kredit rasmiylashtirilgan. Uning 50 mln so‘mi fuqaroga berilib, qolgan 50 mln so‘mini kompaniya olib qolgan. Evaziga kompaniya kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarni o‘zi amalga oshirib borishini va’da qilgan.
Natijada 400 dan ortiq fuqaro nomiga kreditlar rasmiylashtirilib, ajratilgan mablag‘larning teng yarmi — jami qariyb 17 mlrd so‘m gumonlanuvchilar tomonidan o‘zlashtirilgani bildirilmoqda.
Oradan vaqt o‘tgach, banklar kredit rasmiylashtirilgan fuqarolarning o‘ziga qarzdorlikni to‘lash bo‘yicha talabnomalar yubora boshlagan. Ya’ni kredit boshqa shaxs tomonidan to‘lab berilishi va’da qilingan bo‘lsa ham, bank oldidagi majburiyat kredit kimning nomiga rasmiylashtirilgan bo‘lsa, o‘sha shaxs zimmasida qolgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi — firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Guruhning olti nafar a’zosi gumonlanuvchi sifatida qamoqqa olingan, tergov davom etmoqda.



