Senatning 19-yalpi majlisida “Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish kiritish haqidagi qonun ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.

Qonun bilan amaldagi alifbodagi to‘rtta yozuv shaklini o‘zgartirish nazarda tutilmoqda:

  • G‘ g‘ — Ğ ğ;

  • O‘ o‘ — Ö ö;

  • Sh sh — Ş ş;

  • Ch ch — Ç ç.

Natijada “sh” va “ch” kabi ikki belgidan tashkil topgan harflar bitta belgi bilan ifodalanadi. Alifbo esa 28 ta harf va bitta tutuq belgisidan tashkil topadi.

O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalimov avvalroq o‘zgarishlar “bir tovush — bir harf” tamoyiliga asoslanishini bildirgan edi. Uning ta’kidlashicha, bu alifboni butunlay almashtirish emas, balki mavjud to‘rtta muammoli harfni takomillashtirish hisoblanadi.

Yangi alifboga o‘tishda avval berilgan hujjatlarni qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi. Qonun kuchga kirguniga qadar amaldagi yozuvda rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valuta va qimmatli qog‘ozlar muomalada qoladi.

alifbo islohotи, lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi, сенат

Davlat organlari va tashkilotlarining peshlavhalari, ko‘rsatkichlari hamda ayrim ramziy belgilaridan ham ular yaroqsiz holga kelguniga yoki belgilangan muddat tugaguniga qadar foydalanish mumkin bo‘ladi.

Senatorlar fikricha, o‘zgarishlar o‘zbek alifbosi va imlo qoidalarini takomillashtirish, shuningdek, o‘zbek tilini raqamlashtirish jarayonini yengillashtirishga xizmat qiladi.

Qonun iyul oyida Qonunchilik palatasida uch o‘qishda ko‘rib chiqilib, qabul qilingan edi. Endi Senat ham uni ma’qulladi.