Prezidentning 29-sentabrdagi PF–209-son farmoni bilan oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlashning yangi tartibi tasdiqlandi. Hujjat 2-oktyabrdan kuchga kirdi.

Yangi tizim “korxona — oliygoh — maqsadli kadr” tamoyili asosida ishlaydi. Ish beruvchi o‘ziga kerak mutaxassisni tayyorlash uchun oliygohga buyurtma beradi va o‘qishni tamomlagan talabani ishga qabul qiladi.

Tizim 2027/2028-o‘quv yilidan dastlab 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028-yildan esa barcha oliygohlarda joriy etilishi rejalashtirilgan.

Qabul qanday amalga oshiriladi?

Dual ta’lim joriy qilinadigan bakalavriat yo‘nalishlari va qabul parametrlari oliygoh tomonidan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan kelishilgan holda belgilanadi.

Oliygohlar tegishli yo‘nalishlar va qabul o‘rinlarini har yili 1-sentabrgacha tasdiqlaydi. Qabul esa ish beruvchi korxonaning buyurtmasiga muvofiq, to‘lov-kontrakt asosida 1-oktyabrgacha amalga oshiriladi.

Nomzodlarni korxona tanlov orqali saralaydi. Korxona yo‘llanmasiga ega nomzodlar imtihonsiz qabul qilinadi. Buyurtma doirasidagi boshqa talabgorlar esa saralash imtihoni natijasiga ko‘ra tanlanadi.

Ta’lim jarayoni oliygoh, korxona va talaba o‘rtasida tuziladigan uch tomonlama shartnoma asosida tashkil etiladi. Unda tomonlarning vazifalari, talabaning maoshi, amaliy mashg‘ulotlar tartibi va bitirgandan keyingi mehnat majburiyati belgilanadi.

Talaba qancha vaqtini korxonada o‘tkazadi?

O‘quv jarayonining kamida 30 foizi nazariy ta’limga ajratiladi. Qolgan qismi korxonadagi amaliy tayyorgarlikdan iborat bo‘ladi.

Amaliy mashg‘ulotlar va talabalarning ularda ishtiroki “CareerEdu” platformasi orqali nazorat qilinadi. Bu oliygohga o‘quv jarayonini, korxonaga esa talabaning amaliy tayyorgarligini kuzatish imkonini beradi.

Talabaga korxonadan murabbiy biriktiriladi. 2027-yil 1-yanvardan dual ta’limda qatnashmoqchi bo‘lgan korxonalar uchun bunday murabbiylarni tayyorlash bo‘yicha maxsus kurslar tashkil etiladi.

Korxonalarga o‘z mablag‘lari hisobidan hamkor oliygoh hududida amaliyot bazalarini ochishga ham ruxsat beriladi.

Talabaga oylik to‘lanadi

Korxona talabaga o‘qish davomida o‘zining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan oylik ish haqi to‘laydi. Uning miqdori mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan kam bo‘lishi mumkin emas.

Talabaning dual ta’lim shaklida o‘qigan va korxonada faoliyat yuritgan davri umumiy mehnat stajiga qo‘shiladi.

Buning evaziga talaba o‘qishni tugatgach, buyurtmachi korxona yoki uning tizimidagi tashkilotda kamida ikki yil ishlab berishi shart. Bu majburiyat uch tomonlama shartnomada qayd etiladi.

Dual ta’limdan boshqa ta’lim shakliga o‘qishni ko‘chirishga ruxsat berilmaydi. Talaba boshqa korxonada o‘qish va ishlashni davom ettirishi uchun yangi ish beruvchi bilan tegishli shartnoma tuzilishi kerak.

Davlat va davlat ulushi mavjud korxonalar ham oliygohlarga dual ta’lim asosida mutaxassis tayyorlash uchun buyurtma berishi mumkin. Bunda xarajatlar ularning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

Kimlar davlat grantiga o‘tishi mumkin?

Muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish hamda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishlarida dual ta’lim olayotgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tishi mumkin.

Buning uchun mazkur sohalarga ajratilgan davlat buyurtmasiga qo‘shimcha ravishda 25 foizlik grant kvotasi shakllantiriladi.

Grant o‘rinlari talabaning tugallangan o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichi hamda buyurtmachi korxonaning bahosi asosida taqsimlanadi. Grantga o‘tgan talabaga stipendiya kunduzgi ta’lim uchun belgilangan tartibda to‘lanadi.

Ijtimoiy reyestrdagi talabalarga qanday yordam beriladi?

Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalar farzandlarining dual ta’limdagi o‘qishi birinchi kursdan boshlab davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.

Ularga oliygohning budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijtimoiy stipendiya ham to‘lanadi. Ijara xarajatlari esa kunduzgi ta’lim talabalari uchun amaldagi umumiy tartibda qoplanadi.

Texnikum bitiruvchilari o‘qishni yuqori kursdan boshlashi mumkin

Oliy ta’lim bilan integratsiyalashgan o‘rta maxsus kasbiy ta’lim dasturini tamomlagan texnikum bitiruvchilariga mos bakalavriat yo‘nalishining ikkinchi yoki uchinchi kursidan o‘qishni davom ettirishga ruxsat beriladi.

Bunda texnikumda o‘zlashtirilgan fanlar, amaliy ko‘nikmalar va ta’lim dasturlarining oliygoh yo‘nalishiga muvofiqligi hisobga olinadi.

Korxonaga maosh xarajatining yarmi qaytariladi

2027-yil 1-yanvardan to‘rtta ustuvor sohada dual ta’lim olayotgan talabalar uchun korxona to‘lagan ish haqi xarajatining 50 foizi o‘quv yili yakunida subsidiya sifatida qoplanadi.

Subsidiya quyidagi yo‘nalishlarga tatbiq etiladi:

  • muhandislik ishi;

  • ishlab chiqarish va ishlov berish;

  • arxitektura va qurilish;

  • qishloq xo‘jaligi.

Demak, ish haqining yarmini qoplash barcha dual ta’lim yo‘nalishlariga emas, faqat farmonda ko‘rsatilgan to‘rtta sohaga tegishli.

Korxonalarga dual ta’limga qabul qilgan talabalar soniga qarab “Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingi”da qo‘shimcha ball ham beriladi.

Oliygoh hududida amaliyot bazasini tashkil etish uchun olib kiriladigan uskuna va laboratoriya jihozlariga bojxona boji 2030-yil 1-yanvargacha 1 foiz etib belgilanadi.

Bundan tashqari, dual ta’limdagi amaliy mashg‘ulotlar uchun xarid qilingan o‘quv uskunalariga uch yil davomida tezlashtirilgan amortizatsiya qo‘llashga ruxsat beriladi.

Eng yaxshi oliygoh va korxonalar 3 mlrd so‘mgacha oladi

2027/2028-o‘quv yili yakunidan dual ta’lim bo‘yicha oliygohlar va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritiladi.

Reytingda talabalarning qamrovi, ularga to‘langan ish haqi, o‘zlashtirish natijalari va bitiruvchilarning bandligi hisobga olinadi.

Eng yaxshi natija ko‘rsatgan uchta oliygoh va uchta korxona egallagan o‘rniga qarab 3 mlrd, 2 mlrd va 1 mlrd so‘mdan mukofotlanadi.