Qonunchilik palatasining 4-avgustdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ma’qullandi.
Loyiha Konstitutsiya talablaridan kelib chiqib ishlab chiqilgan. Unda Prezident Administratsiyasining davlat boshqaruvi tizimidagi o‘rni, huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyat yo‘nalishlari va vakolatlarini konstitutsiyaviy qonun darajasida belgilash taklif qilinmoqda.
Shuningdek, hujjatda Administratsiyaning mansabdor shaxslari, boshqaruv va xizmat ko‘rsatuvchi xodimlari faoliyatining kafolatlari nazarda tutilgan.
Administratsiyaning davlat organlari va tashkilotlaridagi komplayens hamda korrupsiyaga qarshi ichki nazorat tuzilmalari bilan hamkorligi ham alohida tartibga solinmoqda. Biroq loyiha matni to‘liq e’lon qilinmagani sababli bu vakolatlarning aniq chegaralari hozircha ochiqlanmagan.
Konstitutsiyaga yaqinda o‘zgartirish kiritilgan
Prezident Administratsiyasi bo‘yicha alohida qonun qabul qilishga 2026-yil 25-iyuldan kuchga kirgan konstitutsiyaviy o‘zgartirish asos bo‘lgan.
Konstitutsiyaning 109-moddasi yangi 24¹-band bilan to‘ldirilib, prezident o‘z vakolatlarini tashkiliy, huquqiy va tahliliy jihatdan ta’minlash uchun Prezident Administratsiyasini shakllantirishi hamda uning rahbarini tayinlashi belgilandi.
Mazkur normada Administratsiyaning huquqiy maqomi, asosiy vazifalari, faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolatlari qonun bilan belgilanishi to‘g‘ridan to‘g‘ri qayd etilgan.
Avval Konstitutsiyada Prezident Administratsiyasi prezident huzuridagi maslahat-kengash va boshqa organlar bilan bir bandda tilga olingan edi. Yangi tahrirda Administratsiyaga doir norma alohida bandga ajratilib, uning rahbarini tayinlash va faoliyatini qonun bilan tartibga solish talabi kiritildi.
Prezidentning rasmiy saytida Administratsiyaning amaldagi asosiy vazifalari qatorida prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlarini amalga oshirishga ko‘maklashish, davlat organlari o‘rtasidagi hamkorlikni ta’minlash, mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy jarayonlarni tahlil qilish hamda islohotlarni huquqiy jihatdan ta’minlash keltirilgan. Qonun qabul qilinsa, Administratsiya faoliyatining asosiy doirasi konstitutsiyaviy qonun darajasida mustahkamlanadi.
Hujjat hozircha faqat birinchi o‘qishdan o‘tgan. U keyingi o‘qishlarda Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinishi, Senatda ma’qullanishi, prezident tomonidan imzolanishi va rasman e’lon qilinishidan keyingina yuridik kuchga ega bo‘ladi.








