Jinoyat ishlari boʻyicha Shayxontohur tuman sudi Mubin Mirzayev va yana 8 nafar sudlanuvchiga nisbatan hukm chiqardi.

Soliq qoʻmitasi raisining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan Mirzayev firibgarlik, mansab vakolatini juda koʻp miqdorda zarar yetkazgan holda suiisteʼmol qilish va hokimiyat harakatsizligida aybdor deb topildi.

Unga 3 yil muayyan huquqdan mahrum qilish bilan birga, 8 yil 2 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Ish boʻyicha boshqa sudlanuvchilar shaxsga doir maʼlumotlar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzish, soliq va yigʻimlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzish, hujjatlarni qalbakilashtirish hamda boshqa jinoyatlarda aybdor deb topildi.

Ular 5 yildan 9 yilgacha muddatga ozodlikdan mahrum qilindi. Shuningdek, sud yetkazilgan zararlarni undirishni belgiladi.

Tayinlangan jazo muddatlari sudlanuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qoʻllangan kundan boshlab hisoblanadi.