Prezident Shavkat Mirziyoyev 6-oktabr kuni kuz-qish mavsumida aholini, xususan, ehtiyojmand oilalarni ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi.

Taqdimotda gazlashtirilmagan yoki tabiiy gaz yetib bormagan hududlarda isitish mavsumi uchun elektr energiyasining bazaviy me’yorini 200 kVt·soatdan 350 kVt·soatga oshirish taklifi ma’qullandi.

Bu hozirgi me’yordan 150 kVt·soat yoki 75 foizga ko‘p degani.

Shuningdek, dekabr oyida ehtiyojmand oilalarga bir martalik moddiy yordam ajratish masalasini ko‘rib chiqish taklif qilindi. Hozircha yordamning miqdori va uni olishning aniq mezonlari ochiqlanmagan.

Yana bir taklif Ijtimoiy reyestrga kirmagan, biroq ehtiyojmand hisoblangan oilalarga tegishli.

Bunday oilalarning elektr energiyasi, gaz, ko‘mir va boshqa kommunal xizmatlar xarajatlarini qoplashda oilaning har bir a’zosiga hisoblanadigan daromad mezonini 1 mln 430 ming so‘mgacha oshirish ko‘rib chiqildi.

Natijada davlat yordami bilan qamrab olinadigan oilalar soni yana 166 mingtaga oshishi kutilmoqda.

Bundan tashqari, elektr energiyasi va tabiiy gaz bo‘yicha bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilingan qism xarajatlarining bir qismini kompensatsiya qilish muddatini 2028-yil 1-aprelgacha uzaytirish taklif qilindi.

Ushbu mexanizm orqali bir yil davomida 470 ming oilani qo‘llab-quvvatlash ko‘zda tutilmoqda.

Sharoiti og‘ir mahallalardagi yana 3 mingta xonadonni issiqlik jihatidan himoyalash va energiya tejovchi uskunalar bilan ta’minlash ishlari ham davom ettiriladi.

Hukumatga yordam uchun zarur mablag‘larni o‘z vaqtida ajratish, ehtiyojmand oilalarni aniqlashda manzillilikni ta’minlash va yordamning har bir oilaga yetib borishini nazorat qilish topshirildi.