Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov jurnalist Ali Toktakunovga bergan intervyusida mamlakatdagi eng yaqin sobiq siyosiy ittifoqchisi Kamchibek Tashiyev bilan bog‘liq avvalgi rejasini ochiqladi.

Japarovning aytishicha, u amaldagi olti yillik prezidentlik muddati 2027-yilda tugagach, qayta saylanishga urinmaslikni o‘ylagan. Agar Tashiyev bu vaqtgacha prezidentlikka tayyor bo‘lsa, hokimiyatni unga topshirish rejasi bo‘lgan.

“Qamchi prezident bo‘lardi, men esa dam olishga ketardim”, degan Japarov. Prezident bu reja haqida Tashiyevning o‘ziga ham avvalroq aytganini bildirgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Tashiyevga atrofidagi odamlarni tartibga solish, o‘z jamoasini shakllantirish va prezidentlikka tayyorlanish tavsiya qilingan. Biroq keyinchalik Japarov Tashiyev bunga tayyor emas, degan xulosaga kelgan.

Prezident bunga Tashiyev atrofidagi ayrim shaxslarning xatti-harakatlari hamda parlament deputatlari orasida siyosiy bo‘linish yuzaga kelayotgani haqidagi holatlarni sabab sifatida ko‘rsatgan. Vaziyat “75 kishining maktubi” paydo bo‘lganidan keyin keskinlashganini aytgan. Mazkur murojaatda 75 nafar siyosatchi, sobiq amaldor va jamoat vakili muddatidan oldin prezidentlik saylovi o‘tkazishni taklif qilgan edi.

Natijada 2026-yil 10-fevralda Kamchibek Tashiyev Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi va Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari lavozimlaridan ozod etildi.

Japarov yangi intervyusida Tashiyev bilan shaxsiy munosabatlari saqlanib qolganini ham aytdi. Ular 2005-yildan buyon do‘st ekanini ta’kidlar ekan, ayni paytda Tashiyevni yana davlat lavozimiga tayinlash rejasi yo‘qligini ma’lum qildi.

Ayni paytda Japarovning o‘zi 2027-yilgi prezidentlik saylovida ikkinchi muddat uchun qatnashishini tasdiqladi. Uning aytishicha, bunga boshlangan islohotlarni yakunlash zarurati sabab bo‘lmoqda. Prezident boshqa nomzodlarning saylovda qatnashishiga to‘sqinlik qilinmasligini ham va’da qilgan.

Qirg‘iziston Konstitutsiyaviy sudi amaldagi prezidentning 2021-yilda boshlangan olti yillik vakolat muddati uning birinchi prezidentlik muddati sifatida hisoblanishini belgilagan. Shu sabab Japarov yana bir muddatga nomzod bo‘lish huquqiga ega. Navbatdagi prezidentlik saylovi 2027-yil 24-yanvar kuni o‘tkazilishi kerak.